Grand Ta'limga Xush Kelibsiz!

Ilm faqat yaxshilikka yetaklaydi

07/30/2018
12:00
Grand Ta`lim asosiy markaz
Event Details Images

Avval xabar qilganimizdek, 2018 yil, 30 may kuni soat 11:00 da Toshkent shahar Yunusobod tumani bosh imom xatibi ustoz Sayyid Rahmatulloh Termiziy va "GRAND TALIM" NTM tinglovchilari va ustoz xodimlari bilan suhbat-uchrashuvi o`tkazildi. Ushbu uchrashuv yosh avlodga ilm o`rganish, kitob mutolaasi, qadriyatlarimiz va shu bilan bir qatorda zamonaviy ilg`or bilimlarni egallash zaruratini yetkazish maqsadida amalga oshirilayotgan ikkinchi tadbir bo`lib, suhbat "Ilmning fazilati, ustozlik mas`uliyati va tolibi ilm odobi" mavzusida bo`lib o`tdi. Uchrashuvni muassasa direktori Muzaffar Sattiyev kirish so`zi bilan ochib, "GRAND TALIM" NTM nomidan ustozga tashrif uchun minnatdorlik bildirdilar, shuningdek, bu yil 10 yilligini nishonlayotgan bilim dargohi erishgan natijalar va kelajakdagi rejalar haqida qisqacha so`zlab berdilar. Hurmatli domla yig`ilganlarni Muborak Ramazon bilan tabriklab, ilm olishning fazilati, ustozlarga ehtirom xususida batafsil mav`iza qildilar. Xossatan, ushbu dargohning ilk kunlarida bosh muassis marxum Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohni "Hilol-Nasnr" matbaasi, "GRAND TALIM" ta`lim muassasasi va "islom.uz" internet portalining asosiy tashkilotchisi sifatida ko`rsatgan jonbozliklari, qilgan xayrli duolari barakotini zikr etib, yurtdoshlarimizga xorijiy tillarni ta`lim berayotgan ushbu ilm maskaniga yanada rivoj va muvaffaqiyat tiladilar. Shuningdek, Hazrat qalamlariga mansub "Tafsiri Hilol", "Hadis va hayot" va boshqa yuzlab asarlar diyonatli xalqimizga katta ilmiy meros ekani, talabalarga u zotning hayotlarida juda katta o`rnak va ibrat borligini to`lqinlanib so`zladilar. So`ngra "GRAND TALIM" NTM arab tili ustozi, "arabic.uz" internet sahifasi bosh muxarriri, tarjimon Anvar Ahmadga so`z berildi. Ustoz ham mehmon Rahmatulloh domlaning mavzularini davom ettirib, Vatanimizdan bunday buyuk ulamolar, olim va fozil insonlarning ko`plab yetishib chiqqani sabablaridan, xalqimizning ilm olishga, kitob o`kishga bo`lgan kuchli ishtiyoki, olim insonlarga, ustozlarga nisbatan hurmat, ehtirom juda yuqori bo`lganidanini aytib o`tdilar. Xususan, ota-onalar farzandlarini bilimli, ma`rifatli bo`lishlari uchun qattiq uringanlari, Imom Buxoriydek, Xakim Termiziy, Zamaxshariydek buyuk ulamolar yurtidan kelajakda yana buyuk olimlar, insonlarga ezgulik va yaxshilik ulashadigan ulug` insonlar yetishib chiqmog`i uchun xam ilm-ma`rifatga katta e`tibor qaratmoq zarurligini gapirdilar. So`ngra tinglovchilardan berilgan savollarga ustoz Sayyid Rahmatulloh Termiziy batafsil javob berdilar. Mazmunli va ta`sirchan kechgan uchrashuv so`ngida "GRAND TALIM" NTM direktori Muzaffar Sattiyev mehmonga samimiy tashriflari uchun tashakkur bildirib, muassasa nomidan kitoblar hadya kildilar. Ustoz Rahmatulloh domla taklif uchun minnatdorlik izhor etib, duolar ijobat bo`ladigan mohi Ramazonda butun O`zbekiston xalqiga xayru barakot, fayzu to`kinlik so`rab duo qildilar. Shuningdek, muhtaram Prezidentimizning Vatan ravnaqi, yurt tinchligi va xalqimiz farovonligi yulida olib borayotgan xayrli ishlariga rivojlar tiladilar. Xalqimizga ma`rifat, ilm va ma`naviyatni yetkazish niyatida bo`lgan "GRAND TALIM" nodavlat ta`lim muassasasi kelgusida yana ko`plab taniqli olim va ilm-fan arboblari bilan uchrashuvlar, yangi chop etilgan asarlar taqdimoti kabi tadbirlarni o`tkazishda davom etadi.