Xush Kelibsiz!
Manzil Chilonzor tumani, So’galli ota ko’chasi 5- uy

«Sahihul Buxoriy» – xayrli ishlar debochasi

02/17/2019
15:00
«Hilol nashr» matbaa nashriyoti
Event Details Images

«Sahihul Buxoriy» – xayrli ishlar debochasi Bundan qariyb to`qqiz yil avval, ya’ni 2010 yilning 11 avgustida fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning tashabbuslari bilan ulkan va qutlug` bir ishga qo`l urildi. Bu, fundamental ilmiy loyiha – «Oltin silsila» akademik nashrini tayyorlash va chop etish edi. Mazkur nashrni yo`lga qo`yish hazratning Islom va Vatan oldidagi buyuk xizmatlaridan biri ekanini e’tirof etish lozim. Shuni alohida ta’kidlab o`tish joizki, «Oltin silsila» Islom dinining ikkinchi asosiy manbasi bo`lmish mo`’tabar hadis to`plamlarining o`zbekcha tarjimasidir. Silsila o`z mavzusi yuzasidan O`zbekistonda ilk bor amalga oshirilayotgan ulkan ilmiy ish bo`lib, bunday yirik to`plam nafaqat o`zbek xalqi, balki dunyo aholisining aksar qismi uchun katta bir yangilik hisoblanar edi. Ana shu munosabat bilan 2019 yil 17 fevralь kuni Imom Buxoriy majmuasida «Oltin silsila» turkumi, «Sahihul Buxoriy» hadislar to`plamining so`nggi sakkizinchi jildi nashriga bag`ishlangan taqdimot bo`lib o`tdi. Ushbu xayrli tadbirda O`zbekiston musulmonlar idorasi, O`zbekiston musulmonlar idorasi Samarqand viloyati vakilligi mas’ul vakillari, «Hilol nashr» matbaa nashriyoti, «Islom.uz» portali tahririyati, «GRAND TA`LIM» nodavlat ta’lim muassasasi, «muslimaat.uz» ayol-qizlar sayti xodim va xodimalari ishtirok etishdi. Ismoil Muhammad Sodiq, «Hilol nashr» matbaa nashriyoti va «Islom.uz» portali rahbari: Ma’lumki, ushbu ulug` va xayrli ishning asoschisi, ham boshlovchisi ustozimiz shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh bo`ladilar. Yodingizda bo`lsa, «Oltin silsila» ijodiy guruhi 2012 yilda ushbu qutlug` nashrning nishona soni chop etilganida hazratimiz boshchiliklarida Samarqand shahriga kelib, hazrati imom Buxoriy yodgorlik majmuasi qoshidagi mana shu masjidda uni ilk bor taqdim qilgan edilar. Shayx hazratlari ushbu taqdimotda inshaalloh, ushbu shoh asarning so`nggi jildi chop qilinganda ham uni taqdim qilamiz, deb niyat bildirgan edilar. Alloh taoloning irodasi ekan, «Sahihul Buxoriy»ning to`liq nashrini taqdim qilish ustozimizga nasib qilmadi. Alloh taolo u zotni O`zining rahmatiga olsin. Ammo shayx hazratlarining safdoshlari, shogirdlari, farzandlaridan iborat katta jamoa ushbu xayrli ishni nihoyasiga etkazib, bugun xalqimizga Islom olamida Qur’oni karimdan keyingi eng ishonchli manba sanalgan bu mo`’tabar asarni xalqimizga taqdim etdi. Taqdimot tugagach, tadbir ishtirokchilari Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilishdi. «Oltin silsila» akademik nashrini ilmiy asosda, barcha shartlarga amal qilgan holda ulamolar hay’atining mehnatiyu zahmati ila izohli tarjima qilish noyob holat ekani inobatga olinsa, ushbu turkumning mohiyati va ahamiyati yanada yaqqolroq ayon bo`ladi. Shu o`rinda aytish joizki, Islom dini va madaniyati rivojida alohida o`rin tutib kelgan hadislarni o`zbek tiliga to`liq va mukammal tarzda tarjima qilish va yuksak matbaa darajada chop etish, dinimizni ma’rifiy asosda o`rganish va targ`ib qilish, yosh avlodni Vatanga muhabbat, buyuk ajdodlarimiz an’analariga sadoqat, halollik, poklik, ma’naviy-axloqiy barkamollik ruhida tarbiyalashdek ezgu maqsadlarga xizmat qilishi muqarrar.