Xush Kelibsiz!
Manzil Chilonzor tumani, So’galli ota ko’chasi 5- uy

“GRAND TA’LIM” da “Xalqaro arab tili kuni” tadbiri

12/18/2018
16:00
GRAND TA’LIM
Event Details Images

“GRAND TA’LIM” da “Xalqaro arab tili kuni” tadbiri 18 dekabrь- dunyoda Xalqaro arab tili kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu sana tarixiga nazar solsak, 1973 yili 18 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi arab tilini tashkilotning rasmiy tillari tarkibiga kiritish bo`yicha rezolyutsiya qabul qilgan. Shu munosabat bilan “GRAND TA’LIM” NTMning Chilonzor tumanidagi asosiy binosida “Xalqaro arab tili kuni” tadbir tashkil etildi. Kunduzi 14:30 da boshlangan bayram to kun botguncha davom etdi. Tadbir rejasi bo`yicha o`qish va madaniy tadbirlarga faol qatnashgan odobli va a’lochi tinglovchilarimizni taqdirlash, ustozlar tomonidan ushbu kunga bag`ishlangan nutq va ma’ruzalar o`rin olgan. Shuningdek, tinglovchilar tomonidan tayyorlangan ijodiy ishlar namunalari va devoriy gazetalar ko`rgazmasi tashkil etilgan. Arab tilinining ahamiyati va fazilati haqida so`zlar ekanmiz, mufassir Hofiz ibn Kasir so`zlarini keltirish kifoyadir: “Arab tili- tillarning ichida eng chiroylisi, shiralisi, so`zamolidir.Eng tushunarlisi va aqlga kelishi mumkin bo`lgan ma’no- fikrlarning etkazishda eng imkoniyat kengidir. Shu sababdan eng hurmatli Kitob eng hurmatli tilda, eng hurmatli Rasulga, eng hurmatli farishta vositasida, er yuzining eng hurmatli joyida, eng hurmatli oy- Ramazon oyida nozil qilina boshlagandir”. Alloh taolo ushbu tilni tushunarli, inson ma’lumot qabul qilishida qulay, engil va oson deb nomlaydi:“...Bu esa, ochiq-oydin arab tilidadir”. (Nahl surasi, 103-oyat) “GRAND TA’LIM” da “Xalqaro arab tili kuni” munosabati bilan tadbir boshlandi. Tadbirni muassasa direktori Muzaffar Sattiev ochib berdilar. BMTning rasmiy tillari qatoridan arab tili munosib joy olgani, bugungi kunga kelib arab tili dunyoda eng keng tarqalgan tillardan biri bo`lib, 422 milliondan ortiq kishi shu tilda gaplashishi, 20 dan ortiq arab davlatlari aholisidan tashqari ko`pgina mamlakatlarda xususan, musulmon yurtlarida ham arab tili qiziqish bilan o`rganiladigan, ehtirom ko`rsatiladigan til hisoblanishini aytib o`tdilar. Bu o`rinda 10 yildan beri “GRAND TA’LIM” NTMda arab tili grammatikasi, so`zlashuv uslubi va qoidalari arab tili bo`yicha malakali o`qituvchi pedagoglari tomonidan o`qitib kelinayotgani haqida aytib o`tib, barcha mehmonlar, tinglovchilar va ularning ota-onalariga tashakkur bildirdilar. So`ng so`zni "Hilol" nashriyot matbaasi rahbari, "islom. uz" portali muassisi, Ismoil Muhammad Sodiqga berdilar. Mehmon so`z olib, bunday tadbir o`tkazilishidan, ayniqsa o`g`il- qizlarni bilim olishga bo`lgan , xususan, muqaddas Qur’oni karim tili, Payg`ambarimiz Muhammad solallohu alayhi vasallamning tillari va dinimiz Islom tili bo`lgan arab tilini o`rganishga bo`lgan ishtiyoq va qiziqishlaridan mamnunliklarini bayon etdilar. Ushbu "Xalqaro arab tili kuni" bilan tabriklab, kelgusida etuk bilimli, salohiyatli insonlar bilan etishishlariga tilak bildirdilar. Ta’lim olayotgan barcha arab tili ixlosmandlariga kelgusi o`qishlarida baraka va tavfiq tiladilar. So`zlari nihoyasida Odinaxon Muhammad Yusuf “GRAND TA’LIM” ta’lim muassasasi asoschisi bo`lgan Hazrat Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning haqlariga duo qildilar. Tashrif buyurgan mehmonlar tabrigi, faol va a’lochi tinglovchilarni taqdirlash marosimlari o`tkazildi. Ayniqsa ko`pchilikka o`quvchilar tayyorlagan arab tilidagi sahna ko`rinishlari, she’r o`qish kabi sahna chiqishlari manzur bo`ldi. "GRAND TA’LIM” tomonidan o`tkazilgan “Xalqaro arab tili kuni” tadbiri juda qiziqarli va esda qolarli o`tdi. Kelgusida ta’lim muassasasida bunday bayram kechalari, uchrashuv va taqdimotlar ko`plab o`tkazishni reja qilindi, niyat bildirildi. So`zimiz so`ngida ta’lim sohasida, ilm-ma’rifat tarqatish yo`lida xizmat qilayotan barcha fidoyi pedagog- ustozlarimizga va jonkuyar xodimlarimizga o`z minnatdorligimizni izhor qilamiz. "GRAND TA’LIM” NTM jamoasi.