Xush Kelibsiz!
Manzil Chilonzor tumani, So’galli ota ko’chasi 5- uy
single
Bilim eshiklarini keng ochib

Samarqanddagi “GRAND TA’LIM MAROQAND” filiali «GRAND TA’LIM» NTM ga 10 yil, kecha va bugun; istiqboldagi reja va maqsadlar Faoliyatini Toshkent shahrida 2008 yilda boshlagan «GRAND TA’LIM» NTMda 100 ga yaqin pedagog-ustozlar, mutaxassis va ishchi xodimlar samarali faoliyat yuritib kelmoqdalar. Bundan tashqari, Toshkent shahrida ikkita filial, Toshkent viloyatida va Samarqand shahrida ham bittadan «GRAND TA’LIM» NTMning filiallari ta’lim berish, til o`rgatish yo`lida xizmat ko`rsatib kelmoqda. Bugun hikoya qilmoqchi bo`lganimiz, ajib va ulug`vor, go`zal va tarixiy, azim Samarqand shahrida «GRAND TA’LIM» NTM tomonidan ochilgan “GRAND TA’LIM MAROQAND” deb nomlangan filiali haqida bo`ladi. Samarqand qadimdan Sharqda bilim va ziyo, ilm-ma’rifat markazi, madrasalar, olimlar va talabalar shahri bo`lgan. Buyuk allomalar, diyonat, tabobat va fan sohasida etishgan buyuk olimlar vatanidir bu qo`hna shahar... AmirTemur, Mirzo Ulug`bek poytaxt tutgan shahardir, Samarqand. Abu Lays Samarqandiyning vatani bo`lgan, Imom Buxoriydek allomaga oxirgi manzil bu makon.... Mutaxassislarning aytishicha, “Sharq gavhari” deb ta’riflanadigan Samarqand shahrini sayr qilish kishiga unutilmas taassurotlar hadya etadi. Uning muqaddas qadamjolari, aziz-avliyolar mangu qo`nim topgan manzillarini ziyorat qilish qalbga hikmat ulashsa, to`kin bozorlari, afsonaviy noni, sohibqiron Amir Temur asos solgan bog`lari, saraton avjida ham tanga rohat baxsh etuvchi nasimi kishiga zavqu shavq bag`ishlaydi. Amir Temur maqbarasi, Registon ansambli (Sherdor, Tillakori, Mirzo Ulug`bek madrasalari), Bibixonim va Hazrati Xizr masjidlari, Shohi Zinda yodgorligi, Mirzo Ulug`bek rasadxonasi, shuningdek, shahar yaqinidagi Imom Buxoriy majmuasi har doim mahalliy va xorijlik mehmonlar bilan gavjum... Mavzuga qaytsak, «GRAND TA’LIM» NTM 2018 yil, 1-aprelda Samarqand shahar, Dahbed ko`chasi, 14 –uyda o`z filialini ochdi. Ushbu bilim dargohi qisqa fursatda o`z ixlosmandlari ko`nglidan joy oldi. Bilim olish, chet tillarni o`rganishga ishtiyoqli yurtdoshlarimiz ayni damda qiziqish bilan ingliz, rus va arab tili kurslariga qatnashmoqda. «GRAND TA’LIM» NTM ning ushbu filiali binosida 5 ta o`quv xonasi, ma’muriyat xonasi va qabulxona bor. O`quv binosi zamonaviy tarzda ta’mirlanib, barcha zarur anjomlar, o`quv jihozlari bilan to`liq ta’minlangan. Ilm maskanida 500 ga yaqin turli yoshdagi yurtdoshlarimiz tahsil olishmoqda. Ularga 11 nafar ustoz-pedagog xodimlar jamoasi mamnuniyat bilan xizmat ko`rsatib, ta’lim berib kelishmoqda. Bu erda, shuningdek, turli tadbirlar, kitoblar taqdimoti va ijodiy kechalar o`tkazish ham yo`lga qo`yilmoqda. Shulardan, iyunь oyida “Yuksak bilimli avlod” nomi ostida yosh tinglovchilar o`rtasida bilimlar bellashuvi tadbiri bo`lib o`tdi, g`oliblar taqdirlandi. Kelgusida bunday uchrashuv va tadbirlar, qiziqarli viktorinalar, fan olimpiadalari muntazam o`tkazish rejalashtirgan. Shu bilan birga «GRAND TA’LIM» NTM o`z oldiga ta’lim sifatini oshirish, xalqaro tajribalar asosida o`qitishning innovatsion shakllarini joriy qilish, ta’lim jarayoniga yuqori malakali pedagoglarni va xorijiy o`qituvchi va mutaxassislarni jalb qilish, viloyat markazlarida va boshqa hududlarda filiallar tashkil etish bo`yicha ham bir qancha rejalar ishlab chiqqan va shu yo`nalishlar bo`yicha ish olib bormoqda. Shu vazifalar ijrosi yuzasidan ish boshlagan “GRAND TA’LIM MAROQAND” ning eshiklari bilim istovchilarga keng ochiq. Kelgusida “GRAND TA`LIM” NTM jamoasi maktabdan tashqari ta’lim yo`nalishi bo`yicha: xitoy tili, informatika, rus tili, kosmetologiya, libos dizayni, matematika, ona tili, pazandachilik, tarix, tikuvchilik va arab tillaridan o`qitish bo`yicha ham o`quv reja va dasturlarni ishlab chiqmoqda va kerakli barcha shart-sharoitlarni amalga oshirgan holda, bilimli va o`z kasbiga mehr qo`ygan pedagog-kadrlarni muassasaga ishga qabul qilish bo`yicha tanlov o`tkazmoqda. Katta salohiyatga ega, ko`p mehnat talab qiladigan ezgu ishlarni amalga oshirishda, O`zbekistonimiz ravnaqiga xizmat qo`shadigan bilimli yoshlarni, o`g`il-qizlarni tarbiyalash va o`qitish yo`lida “GRAND TA’LIM MAROQAND” filiali ham o`z hissasini qo`shishiga umid bildiramiz. Jamoaga kelgusi ta’limiy, ma’rifiy ishlarida yutuqlar tilab qolamiz.