Xush Kelibsiz!
Manzil Chilonzor tumani, So’galli ota ko’chasi 5- uy
single
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ILM haqida

“GRAND TALIM” nodavlat ta’lim muassasasi 2008 yilda faoliyat boshlagan bo`lib, ushbu bilim dargohining bosh muassisi, arab, ingliz, rus tillarini o`qitadigan o`quv muassasasi ochishni tavsiya etib, barakot va rivoj tilab duo bergan, zot marhum Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari rahimahulloh bo`ladilar. Chet tillarni o`rganishga kelayotgan tinglovchilardan mamnun bo`lgan, ilm yo`liga qadam qo`yayotgan millatdoshlarimizni, yosh o`g`il-qizlarni ko`rib chin qalblaridan xushnud bo`lgan zot ustozimiz Shayx Hazratlarini Alloh taolo joylarini jannati na’iymlardan qilsin, qoldirgan ilmiy meroslari ila butun musulmon ummatini manfaatli aylasin! “Ilm” so`zi lug`atda bir narsani voqelikdagidek idrok etishni bildiradi. Shar’iy istilohda esa, ma’naviy ishlarda narsalarning teskarisi yo`q darajada aniq bilish sifatiga “ilm” deyiladi. Islom dinichalik ilmni ulug`lagan din, tuzum yoki falsafa yo`q. Har bir shaxsga ilm talab etishni farz (majburiy) qilish faqat Islomda bor, xolos. Musulmonlar o`z hayotlarida Qur’on va Sunnat ta’limotlariga amal qilib yashagan paytlarida ilm nurini butun olamga tarqatganlar. Yoshu qari, erkagu ayol beshikdan to qabrgacha ilm talab qilishning o`zi uchun farz ekanini to`la his qilgan holda umr bo`yi o`zini tolibi ilm hisoblab yashagan. O`sha davrni yaxshilab o`rgangan g`arblik insofli sharqshunoslardan biri Islom ummatini “to`laligicha madrasaga qatnaydigan ummat” deb sifatlagan. Hamma to`laligicha Islom shariati asosida hayot kechirgan o`sha vaqtda Islom nuridan bahramand bo`lgan har bir yurt, har bir o`lkada ilm-fan, ma’rifat va madaniyat gullab yashnagan. -Alloh taolo Mujodala surasi 11-oyatida marhamat qiladi. “Alloh sizlardan iymon keltirganlarni, xususan ilmga berilganlarni darajalarga ko`tarur”. Ushbu oyati karimada bandalarning oliy darajalarga erishishlari uchun iymon va ilm shart qilib qo`yilmoqda. Inson zotining Alloh taolo huzurida darajasini ko`tarilishi omili sifatida oldin iymon, keyin ilm zikr qilinmoqda. Qushning uchishi uchun ikki qanot lozim bo`lganidek, insonning darajasi ko`tarilishi uchun ham ikki qanot - iymon va ilm kerak. Dahriylar hukm surgan joylarda mazkur ikki qanotning biri bo`lmish iymon kesib tashlangan. Aslida esa iymonsiz ilm, ilmsiz iymon bo`lmasligi kerak. Zamonaning ulug` olimlaridan, Albert Eynshteyn “Dinsiz fan o`likdir, fansiz din cho`loqdir” degan. Inson zotining ikki dunyodagi saodati uchun ushbu ikki narsa birgalikda zaruriy omil bo`lgani uchun, Qur’oni karimning yuqoridagi oyatida ularning ikkovi bandalarning darajalari ko`tarilishiga sabab qilinmoqda. Qadimgi davrda bir guruh falakiyot ilmi mutaxassislari o`z kasblariga oid kitobni iymon bilan ilmni birga qo`shib muzokara qilib o`tirishganida, diniy ulomalardan ba’zilari o`tib qolib: “Nima qilyapsizlar?” deb so`rashgan. Shunda falakiyotchilar G`oshiya surasining 17-18-oyatlarida: “Alloh taoloning “Ular nazar solmasmilar tuyaning qanday yaratilganiga”, “Va osmonning qanday ko`tarilganiga?!” degan oyatining sharxini o`rganayapmiz” deb javob berishgan. Ilm har doim insonlarni iymonga da’vat etib kelgan. Ba’zi bir chalasavod kishilar “Ilmli odam dinsiz bo`ladi, kishining ilmi qancha ko`paysa uning dinsizligi ham shuncha ortadi”, deb o`ylaydilar. Haqiqatda esa, hech bir zamonda ilm o`z egasini xudosizlikka olib bormagan. Haqiqiy olim to`g`ri ilmiy ishlar olib borgan sayin o`zi cheksiz bir olamda yashayotganini biladi. Bu to`g`risida juda ko`p olimlarning fikrlari bor. Jumladan: Mashhur geolog, Sorbonna dorilfununining olimi Edmon Gerberg: “Ilm dinsizlikka yoki ikkilanishga olib borishi mumkin emas” - degan. Dunyoda shunga o`xshash fikr aytgan olimlar juda ko`p. Olmoniyalik olim Dinard oxirgi to`rt asrda yashab, insoniyat madaniyatiga ulkan xissa qo`shgan 290 nafar olimning fikrini o`rganib chiqib, quyidagi natijalar to`plangan: 290 kishidan 20 kishi hech bir aniq e’tiqodga erishmagan. 242 kishi Allohga ishonuvchi, faqat 20 kishigina din bilan qiziqmaganliklarini aytganlar. Agar din bilan qiziqmagan kishilarni (olimlarni) “ateist” – dahriy deb atasak, dunyo miqyosidagi ushbu 290 nafar ulkan olimdan 92 foizi dindor bo`lib chiqadi. Shundan ko`rinib turibdiki, ilmli kishi dindor bo`lishi ajablanarli hol emas, qolaversa, ilm bilan din bir-biriga zid hodisa emas. O`tkan asrning mashhur olimlaridan biri Pastor shunday deb yozadi: “Iymon hech qanday taraqqiyotga to`sqinlik qilmaydi. Chunki, har bir taraqqiyot Xudoning yaratgan narsalaridagi ajoyibotlarni ochib beradi. Agar men bugun kechagidan ko`ra ilmliroq bo`lsam, Allohga bo`lgan ishonchim ham kechagidan mustahkamroq bo`ladi”. Shuning uchun ham tibbiyot ilmi dahosi Abu Ali ibn Sino tabibman deb o`tirmay, Islom falsafasining ko`zga ko`ringan arboblaridan biriga aylangan. Shar’iy ilmlarni yaxshi bilgan va Qur’oni karimning ba’zi suralariga tafsir yozgan. Islomda iymon birlamchi hisoblanadi. Hamma narsaning qabul bo`lishiga va savobga sazovor qilishiga iymon shart qilib qo`yilgan. Jumladan, ilmning foydali bo`lishiga va savobga erishtirishiga ham iymon asosiy shartdir. Shu e’tibordan diniy e’tiqod va amallarga oid ilm ham birinchi hisoblanadi. Zotan, Alloh taolo Qur’on oyatida ham avval iymonni, keyin ilmni zikr qilgan. Islomda ilm, uning savobi va yaxshiligi haqida so`z ketganida, iymonning hamrohi bo`lgan ilm haqida so`z yuritiladi. Iymonli kishi xalqqa manfaatli ilmni o`rgansa, ilmi bilan kishilarga jamiyatga xizmat qilsa, oyat va hadislarda va’da qilingan darajalarga erishadi, ajr – savob oladi. Alloh taolo Fotir surasida marhamat qiladi: “Albatta, Allohdan bandalari ichida faqat olimlarigina qo`rqarlar” (28-oyat). Alloh taoloning qudratini xis etib, bu dunyoning yaratuvchisi borligini anglab etib, aqli bilan Allohni tanigan va undan qo`rqqan odamgina olim hisoblanadi. Yana Alloh taolo Zumar surasida marhamat qiladi: “Bilganlar bilan bilmaganlar teng bo`larmidi?!” (9-oyat). Albatta teng bo`lmaydilar. Biladiganlar iymon keltirib, ibodat qiladilar, bilmaydiganlar esa kufr keltirib, isyon etadi. Shuningdek iymon va ilm haqida bir necha oyatlar mavjud. -Payg`ambarimiz (s.a.v.)ning ilm haqida aytilgan hadislari juda ko`p bo`lib, hadis kitoblarida sharhlari bilan mavjud. Jumladan “Hadis va hayot” silsilasidagi 3-juz’i “Niyat, Ixlos, Ilm” deb nomlangan kitobimizda ilm bobi bo`lib, unda juda ko`p ilm haqidagi hadislar sharhlab berilgan. Shulardan ba’zilarini eslab o`taylik: Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi. “Payg`ambarimiz (s.a.v.) aytadilar: “Kim ilm talab qilish yo`liga tushsa Alloh unga jannatning yo`lini engillashtiradi”. Ilmga bundan ortiq targ`ib bo`lmasa kerak. Xar bir insonning oliy maqsadi – jannat. Jannatga erishish uchun u xar narsaga, har qanday qiyinchiliklarga tayyor turadi. Ilm talab qilish esa jannatning yo`liga tushishning boshi ekan. Ilm yo`li bilan borgan odam oxiri jannatning eshigi oldidan chiqadi. Ba’zi odamlarning aytishicha oyati karima va hadislarda zikri kelgan ilm haqida ba’zi tushunmovchiliklar yuradi. Ba’zilar oyat va hadislarda zikr etilgan ilmdan murod diniy ilmlardir deydilar. Bu noto`g`ri fikr! Oyat va hadislarda zikr etilgan ilm hamma foydali ilmlarni o`z ichiga oladi. Diniy ilmlar albatta birinchi o`rinda turadi ammo boshqa ilmlar ko`zda tutilmagan deyish mutloqo noto`g`ri. Oyati karima va hadisi shariflarda zikri kelgan ilmdan murod barcha foydali ilmlar bo`lib, ular qilingan va’dalarga iymon va ixlos bilan uringan mo`’min va musulmonlargina erishadi, desak to`g`ri bo`ladi. Bu qoidani ushbu hadisi sharifga tadbiq etadigan bo`lsak, mo`’min-musulmon kishi o`zi uchun, jamiyat uchun, insonlar uchun foydali ilmga “Bu menga Allohning amri, Islomning talabi” deya urinsagina, u jannatning yo`liga tushgan bo`ladi. Alloh taolo unga jannatning yo`lini engillashtiradi. Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi. “Payg`ambarimiz (s.a.v.): “Mo`min uni (ilmni) qaerda topsa haqliroqdir” dedilar. Ya’ni, bir kalima bo`lsa ham ilmni mo`min qaerdan topishidan qat’iy nazar olishi zarur. Ulamolarimiz aqida va din ilmlaridan boshqa ilmlarga g`ayridinlardan ham olish mumkinligini qattiq tayinlaydilar. Musulmon inson o`z aqidasini va dinini mahkam tutgan holida o`zi uchun, jamiyat va el-yurti uchun foydali ilmlarni g`ayridin kishilardan, g`ayridin yurtlarda ham olishi mumkin. Ilmni qaerdan olishning farqi yo`q. Albatta, musulmon yurtida, musulmon kishilardan ilm olish yaxshi. Ammo musulmonlar uchun, el-yurti uchun kerakli ilmni g`ayridindan olmayman, deb o`rganmay yurish mutlaqo noto`g`ridir. Abu Dardo (r.a.)dan rivoyat qilinadi: U kishi Payg`ambarimiz (s.a.v.)ning: “Albatta, olimga osmondagi zotlar, erdagi zotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istig`for aytadi” deganlar. “Osmondagi zotlar”dan murod – farishtalar. Erdagi zotlar”dan murod – insu jin va hayvonlar. Istig`for aytish esa, birovning haqqiga duo qilishdir. Olim kishi ilm qilgani uchun, odamlarni Allohning yo`liga chaqirgani va hidoyatga boshlagani uchun Alloh taolo uni yaxshi ko`radi. Shuning uchun ham uning muhabbatini farishtalarga, butun mahluqotlarga soladi. Shu muhabbat tufayli ular olimning haqqiga duo qiladi. Bu esa diniy ilmlar olimi bo`lish naqadar fazl ekanini ko`rsatadi. O`sha kishidan yana rivoyat qilinadi: “Olimning obiddan fazli huddi oyning boshqa yulduzlardan fazliga o`xshaydi” –deganlar. Olim diniy ilmlarni yaxshi biluvchi shaxs obid ibodat qiluvchi, doimo o`zi uchun ibodat bilan mashg`ul kishi. Osmonga qaragan odamga oy katta bo`lib ko`rinadi, u er yuziga nur sochadi. Yulduzlar esa kichkina bo`lib ko`rinadi, ularning nuri o`z atrofini zo`rg`a yoritadigan bo`lib ko`rinadi. Qorong`u kechada osmonga boqqan inson oyning yulduzlardan qanchalik afzal ekanini darhol mulohaza qiladi. Olim kishining fazli ham shundaydir. Obidlar yulduzlar kabi faqat o`zlari uchun yorug`lik chiqarsalar, olim kishi qorong`u kechada nur sochgan oy kabi johiliyat zulmatida yurgan odamlarga Islom hidoyati nurini sochadi. Obidning manfaati faqat o`zi uchun bo`lsa, olimning manfaati hamma uchun bo`ladi. Ilm talab qilish shu darajada ulug` ish ekanini tushunib etmog`imiz kerak. -Talabi ilm ibodat ekanini bilar edik. Talabi ilm savob ish ekanini bilar edik. Endi esa, talabi ilm ba’zida o`tgan gunohlarning yuvilishiga ham sabab bo`lar ekan. Bu narsa Islom dini talabi ilmga qanchalik ahamiyat berilishini yana bir bor ko`rsatadi. Gunohga yo`l qo`ymagan banda yo`q. Demak, har bir banda o`z gunohining yuvilishiga muhtoj. Tavba bilan, boshqa ibodatlar bilan gunohlar yuvilib turadi, ammo ba’zi birlari talabi ilm bilan yuviladi. Ana o`sha gunohlarimizni yuvish uchun ham talabi ilm qilishimiz kerak. Bundan hech kimga emas faqat o`zimizga foyda keltiramiz xolos. Shuning uchun ham doimo ilm talabida bo`lishimiz zarur ekan. Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuhu.